Disruptive Innovation: Blockbuster nega quladi?
Esimda, bolaligimda bozordan yangi chiqqan kinolarni DVD disklarda sotib olardik. Uyga kelib, televizorga ulab, oilaviy mazza qilib ko'rardik. O'sha paytlarda dunyoning narigi chekkasida Blockbuster degan kompaniya videoprokat biznesini egallagan edi. Ularning biznesi gullab-yashnardi.
Lekin 2000-yillarda Netflix paydo bo'ldi. O'sha paytda u internetdan DVD buyurtma qiladigan kichkina va g'alati servis edi. Blockbusterdagilar ustidan kulishgan bo'lsa kerak: "Kim filmni pochta orqali kutib o'tiradi? Odamlarga hoziroq kerak!"
Mana shu yerda Disruptive Innovation (parchalovchi innovatsiya) tushunchasi sahnaga chiqadi.
Klayton Kristensen bu atamani o'ylab topganda shuni nazarda tutgan edi: Innovatsiya har doim ham "yaxshiroq sifat" degani emas. Ba'zan u arzonroq, sifatsizroq, lekin qulayroq bo'ladi.
Netflix boshida Blockbusterdan sifatsizroq xizmat edi. Kino darrov qo'lingizda bo'lmasdi. Lekin u arzon edi va jarima to'lovlari yo'q edi. Sekin-sekin texnologiya rivojlandi, internet tezlashdi va Netflix strimingga o'tdi. Blockbuster esa o'zining eski modeli — do'konlar va arenda to'lovlari bilan qolib ketdi.
Bugun Blockbusterdan asar ham qolmagan.
Bu holat har kuni sodir bo'lyapti. Masalan:
- Airbnb mehmonxonalarga qarshi. Boshida birovning uyida divanda yotish g'alati edi. Hozir esa bu norma.
- Uber taksi parklariga qarshi.
Xulosa shuki, agar siz o'z sohangizda "gigant" bo'lsangiz ham, bir kun kelib garajdan chiqqan biror "sifatsiz" g'oya sizni bozoringizdan surib chiqarishi mumkin. Innovatsiya doim ham yaltiroq va mukammal bo'lib kelmaydi. U ko'pincha kichkina, ko'rimsiz va e'tiborsiz bo'lib kirib keladi.
