Prompt Engineering: Jin bilan til topishish san'ati

29-01-2024

Bolaligimizda "Oltin baliq" yoki "Alauddinning sehrli chirog'i" haqida ertaklarni o'qiganmiz. Qahramon bir narsa tilaydi, lekin jin buni noto'g'ri tushunib, hammasini chappasiga bajaradi.

Bugungi sun'iy intellekt (AI) xuddi o'sha jinning o'zi.

Siz unga: "Menga biznes reja yozib ber", deysiz. U esa sizga qandaydir umumiy, hech kimga kerakmas 5 sahifalik matn tashlab beradi. Keyin siz: "AI bekorchi narsa ekan", deb o'ylaysiz.

Aslida muammo AI-da emas, bizning so'rovimizda (prompt).

Prompt Engineering — bu kod yozish emas. Bu muloqot san'ati. Bu xuddi o'ta aqlli, lekin hayotiy tajribasi yo'q internat bolaga topshiriq berishga o'xshaydi.

Masalan:

Yomon prompt: "Marketing haqida post yoz." (Natija: Zerikarli, darslikdan ko'chirilgan matn).

Yaxshi prompt: "Men O'zbekistonda qo'lda yasalgan charm hamyonlar sotaman. Instagram uchun qisqa, samimiy post yoz. Odamlarda hissiyot uyg'otsin. Post oxirida 'Hozir buyurtma bering' demasdan, mijozni izoh yozishga undaydigan savol bilan tugat."

Ko'rdingizmi? Ikkinchi holatda siz unga nafaqat "nima" qilishni, balki "kim" bo'lishni, "kimga" yozishni va "qanday" ohangda gapirishni tushuntirdingiz.

AI bilan ishlashda eng muhim qoida bitta: U sizning miyangizni o'qiy olmaydi. Unga kontekst bering. Cheklovlar qo'ying. Rolga kiriting.

Prompt muhandisligi — bu kelajakdagi eng muhim "soft skill". Chunki kelajakda kodni AI yozishi mumkin, lekin AI-ga nima yozish kerakligini tushuntira oladigan odamlar har doim kerak bo'ladi.

Portrait of Avaz

Written by Avaz

Full-stack engineer based in Seoul. I build consumer products and internal systems, and write about the work.

© 2026 Avaz.